Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

«Bolaning har tomonlama rivojlanishini ta'minlashda innovatsion ta'lim muhitining o‘rni» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

2018 yil 19 noyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan “Wyndham” mehmonxonasida «Bolaning har tomonlama rivojlanishini ta'minlashda innovatsion ta'lim muhitining o‘rni» mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

 Anjuman tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim Vazirligi, BMT (YUNISEF) Bolalar fondi, Jahon Banki Guruhi.

 Anjumanning asosiy maqsadi – O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim sohasida innovatsion ta'lim muhitini tadqiq va tatbiq etishdan iborat.

Ta'lim tizimida shaxs o‘zini o‘zi uzluksiz ravishda takomillashtira bilish qobiliyatiga egaligi muhim ahamiyat kasb etadi. Innovatsion ta'lim muhiti sharoitida esa shaxsning ochilmagan qobiliyatlari namoyon bo‘ladi. Bu yerda ikkita muhim jarayon, ya'ni bola shaxsiyatining shakllanishi va taraqqiy etishi, hamda pedagoglarni innovatsion yondashuv asosida faoliyat yuritishga rag‘batlantirish ro‘y beradi.

 

Anjuman doirasida innovatsion ta'lim muhit yo‘nalishidagi jahon tajribasi va ilmiy tadqiqot natijalari keng ko‘lamda yoritildi. Ushbu tadbir respublika ta'lim muassasalarining ilmiy birlashmalari o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan o‘ziga xos maydonchaga aylandi. Jahonning yetakchi mutaxassislari ular tomonidan olib borilgan ishlar va amalga oshirilgan tadqiqotlar natijalari haqida so‘z yuritdilar.

 

Xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi prezidentining yoshlar, ilm, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabor Abduvaxitov, Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin, Jahon Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Xideki Mori, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann va boshqalar tomonidan ochib berildi.

 

«Raqobatbardosh maktabgacha ta'lim tizimini yaratish uchun unga yangicha boshqaruv tamoyillarini kiritish lozim. Ya'ni, bunda axborot, kadrlar, boshqaruv va moliyaviy resurslarining integratsiyalashuvi va hamkorligiga asoslangan tamoyillarni joriy etish talab etiladi. Maktabgacha ta'lim sohasidagi o‘quv muhitini yaratish va shakllantirishning samarali mexanizmlarini joriy yetish nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini yaxshilash va sog‘lom raqobat muhitini tezroq shakllantirishga yordam beradi», - dedi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin.

 

Anjumanda innovatsion ta'lim muhiti doirasidagi loyihalarni amalga oshiruvchi xalqaro ekspertlar so‘zga chiqdilar. So‘zga chiqqanlar orasida ta'lim natijalarini yaxshilash va bolalarni aktiv faoliyatga jalb qilish maqsadida optimal o‘quv muhitini va undan foydalanish usullarini yaratish borasidagi tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan Solford Universitetining faxriy professori, Oksford Universitetining faxriy ilmiy xodimi prof. Piter Barrett bo‘ldi. Tadqiqotlar davomida u ilk bo‘lib, «aqlli sinf xonalari»ning ta'lim samaradorligiga va sifatiga ta'sir etishini ochib berdi, bu borada u uch asosiy tushunchani: hissiyot, aql va muhitni ajratib ko‘rsatdi.

 

«Bola huquqlari nuqtai nazaridan, har bir bola jismoniy, hissiy, ijtimoiy va kognitiv rivojlanish uchun yaxlitlik yondashuvi asosida ishlab chiqilgan ta'lim imkoniyatlarga ega bo‘lishi muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning har bir uchinchi fuqarosi bola xisoblanadi va keyingi 20 yil ichida ular mamlakatning eng katta ishchi kuchiga aylanadilar. Mamlakat o‘z demografik imkoniyatlaridan foydalana olishi uchun bor imkoniyatlarini ishga solib, hozirdanoq  yosh bolalar bilimini oshirish uchun investitsiya kiritishi lozim. Xalqaro tajriba shuni qo‘rsatmoqdaki, yosh bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun kerakli shart-sharoitlar yaratish, mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga kiritilgan oqilona sarmoya sifatida xizmat qilmoqda», - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann.

 

Shuningdek, Koreyada qurilish, interyer dizayni, jamoat tashkilotlarini va muassasalarini jihozlash bilan shug‘ullanuvchi Chung Dizayn Koreya qurilish kompaniyasining vakili janob Kim Jiyong; Jahon Banki Guruhining maslahatchisi Sherri Le Motte; Bolalik instituti direktori, A.I. Gersen nomidagi Rossiya Davlat Pedagogika Universiteti maktabgacha ta'lim pedagogikasi kafedrasi mudirasi prof. Aleksandra Gogoberidze; Yevropa Kengashi Taraqqiyot Bankining ta'lim masalalari bo‘yicha texnik maslahatchisi Yael Dutishel, YUNISEFning xalqaro ekspertlari Priti Vadjpayi xonim va janob Kabir Vadjpayi va boshqalar o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdilar.

 

«Hukumat 2021 yilga kelib 6-7 yoshdagi bolalarning 100%ini maktabgacha ta'lim bilan ta'minlashni rejalashtirgan. Bu yuqori va shu bilan birga to‘liq amalga oshirilishi mumkin bo‘lagn maqsaddir. Jahon banki o‘zining global tajribasi va moliyaviy resurslaridan foydalangan holda, O‘zbekiston maktabgacha ta'lim sohasini isloh qilishda sayi harakatlarini ayamasligini bildiradi. Xususan, 2019 yilda Jahon banki bolalarga sifatli ta'lim xizmatlarini ko‘rsatishni ta'minlash va maktabgacha ta'lim tizimini takomillashtirishga, jumladan, qishloq va shaharlarda t'lim olish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan loyiha uchun 55 million AQSH dollari ajratadi», - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori.

 

Anjumanda 400 nafardan ortiq kishi munozaralar va panelli muhokamalarda ishtirok etdi.

 

Ushbu xalqaro tadbir ta'lim tizimiga innovatsion ta'lim muhitini tatbiq etish borasida olib borilayotgan kompleks tadbirlar ichida muhim ahamiyat kasb etadi.


Kiritilgan vaqti: 19/11/2018 17:26;   Ko‘rilganligi: 1811
 
Material manzili: https://www.samudo.uz/press/seminars-briefings/bolaning-har-tomonlama-rivojlanishini-taminlashda-innovatsion-talim-muhitining-orni-mavzusida-xalqaro-anjuman-bolib-otdi
Chop etilgan vaqti: 07/10/2022 14:52
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing