Samarqand shahrida to‘rtta xususiy bog‘cha ochildi
Joriy yilning oxirigacha shaharda yana 20 ta xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
2018 yil 31 mart kuni Samarqand shahridagi “Mingtut” mahallasida 120 o‘rinli rus tilida ta'lim beruvchi “Skazochnaya strana” nodavlat MTM ochildi.
Shuningdek, Samarqanddagi “Lolazor 2” mahallasida “Umka N” xususiy MTM faoliyatini boshladi. 70 o‘rinli bolalar bog‘chasiga allaqachon 15 nafar kichkintoy qatnashni boshlashdi. Bu yerda ta'lim rus va o‘zbek tillarida davlat talablari asosida olib boriladi.
Bundan tashqari, “Advantage Smart Kids” nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida 35 tarbiyalanuvchi ta'lim olishni boshlashdi. “Siyobcha” mahallasi hududida joylashgan bolalar bog‘chasi 70 o‘ringa mo‘ljallangan. Ta'lim rus tilida olib boriladi.
Samarqandda “Asalina-Go‘zalina” nodavlat MTM ham qayta ro‘yxatdan o‘tib, bolajonlarga o‘z eshiklarini ochdi. “Rahmatobod” mahallasida joylashgan 70 o‘rinli bog‘chada 35 bola tarbiyalanmoqda.
Endi Samarqand shahrida jami 12 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.
Davlat dasturiga asosan Samarqand viloyatida 2018 yilda jami 50 ta nodavlat MTM foydalanishga topshiriladi.
Kiritilgan vaqti: 02/04/2018 10:52; Ko‘rilganligi: 3357
Chop etilgan vaqti: 20/03/2023 15:00