Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

Bog‘chalarda karate to‘garaklari ochiladi. Nurxon Nafasov ushbu sport ommaviyligini oshirish uchun kuniga 24 soat ishlashga tayyor

#kun.uz//

30 iyun kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Respublika hududida karate sportini rivojlantirish va ommaviyligini oshirish borasida yurtimizdagi maktabgacha ta'lim muassasalarida karate to‘garaklarini ochish bo‘yicha qizg‘in muhokamalar o‘tkazildi. Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar karate federatsiyasi rahbarlari ishtirok etishdi. Uni O‘zbekiston karate Milliy federatsiyasi raisi Nurxon Nafasov va Milliy olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Jang san'ati va Sharq yakkakurashlari departamenti direktori Sardor Toshxo‘jayev olib borishdi.

«Ma'lumki, bundan qandaydir 10 yil oldin ham sportning karate turi bilan respublikamizda 60 mingdan ziyod yoshlar muntazam shug‘ullanib kelishardi. Bugungi kunga kelib ushbu ko‘rsatkich afsuski 10 ming nafarga tushib ketgan. Yig‘ilishda so‘z olar ekan Nurxon Nafasov barcha hududiy federatsiyalar rahbarlariga qarata karatening ommaviyligini oshirish uchun kerak bo‘lsa 24 soatdan ishlash lozimligi, buning uchun ishni eng quyi bo‘g‘in - maktabgacha ta'lim muassasalaridan boshlash zarurligini ta'kidlab o‘tdi», deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilish davomida Andijon, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi maktabgacha ta'lim muassasalarida 15 kun ichida umumiy yuzga yaqin bepul karate to‘garaklarini ochish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona viloyati federatsiyalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ushbu federatsiyalar rahbarlariga qat'iy hayfsan berish, federatsiyalarga yosh va g‘ayratli rahbarlar tayinlanishi masalasi ham ko‘rilgan.

Jizzax va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi karate federatsiyalari faoliyati ham tanqid ostiga olingan va mutasaddilarga 1 oy muddatda o‘z faoliyatini qayta ko‘rib chiqish vazifasi berilgan. O‘z navbatida Buxoro, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari karate federatsiyalari faoliyati qoniqarli deb topildi va qolgan viloyat federatsiyalariga ibrat sifatida ko‘rsatilgan.

«Terma jamoalarga iqtidorli sportchilarni saralash, tarkibda raqobatni kuchaytirish, oldinda turgan XVIII Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish kabi masalalar yuzasidan ham qizg‘in bahs-munozaralar o‘tkazildi», deyiladi xabarda.


Oxirgi o‘zgarish: 02/07/2018 12:41;   Ko‘rilganligi: 2330
 
Material manzili: https://www.samudo.uz/press/news/bogchalarda-karate-togaraklari-ochiladi-nurxon-nafasov-ushbu-sport-ommaviyligini-oshirish-uchun-kuniga-24-soat-ishlashga-tayyor
Chop etilgan vaqti: 20/03/2023 13:39
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing