Samarqand viloyati
Maktabgacha ta'lim boshqarmasi
w w w . s a m u d o . u z

OTMga o‘qishga qabul qilish, ko‘chirish, tiklash va chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi qarorga qo‘shimchalar kiritiladi

#kun.uz.

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017 yil 20 iyundagi 393-son qaroriga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin:

1-ilovada:

a) 1-band ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Ushbu Nizom harbiy ta'lim muassasalariga va O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallariga tatbiq etilmaydi.”;

b) 3-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“3. Oliy ta'lim muassasalarining kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta'lim shakllariga talabalarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon) natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan to‘lov-kontrakt asosida qabul kvotalari doirasida hamda qabul kvotalaridan tashqari abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Tanlov har bir oliy ta'lim muassasasi bo‘yicha ta'lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllariga ko‘ra alohida o‘tkaziladi. Ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Maqsadli qabul tanlovida qatnashib davlat granti asosida qabul qilinmagan abituriyentlar mazkur ta'lim yo‘nalishida to‘plagan ballari bilan umumiy to‘lov-kontrakt doirasidagi tanlovda ishtirok etadi.

Test sinovlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda oliy ta'lim muassasalari rektorlari (direktorlari) joylarda kirish imtihonlari o‘tkazish uchun zarur sharoitlarni ta'minlaydilar.”;

v) 4-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 4-1-band qo‘shiladi:

“4-1. Abituriyentlardan alohida iqtidor talab etiladigan madaniyat, san'at, dizayn, tasviriy va amaliy san'at, san'atshunoslik, musiqiy ta'lim, sport va jismoniy tarbiya sohalaridagi ta'lim yo‘nalishlariga (keyingi o‘rinlarda – alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlari deb ataladi) qabul test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarida alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlarining ro‘yxati va kasbiy (ijodiy) imtihonlar bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar takliflari asosida Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.”;

g) 6-banddagi “ispan,” so‘zlaridan keyin “turk,” so‘zlari qo‘shiladi;

g‘) 10-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“10. Sirtqi, maxsus sirtqi ta'limga talabalarni qabul qilish:

sirtqi shaklda – umumiy o‘rta (10-11-sinflar negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega bo‘lgan va kirish imtihonlari (test sinovlari yoki kasbiy (ijodiy) imtihon yoki kasbiy suhbat)dan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi;

sirtqi ta'limga kirish imtihonlari shakli (test sinovlari yoki kasbiy (ijodiy) imtihon yoki kasbiy suhbat) oliy ta'lim muassasasi tomonidan bo‘ysunuviga ko‘ra vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda belgilanadi;

maxsus sirtqi shaklda – faqat tegishli yoki turdosh ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumotiga va ta'lim yo‘nalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida uch yillik amaliy ish stajiga (pedagogik yo‘nalishlar uchun pedagogik stajga) ega bo‘lgan, tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan kirish imtihonlari (test sinovlari yoki kasbiy (ijodiy) imtihon yoki kasbiy suhbat)dan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.

10-1. Oliy ta'lim muassasalari tarkibida hududlar kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan ta'lim yo‘nalishlariga qabul muayyan hududda doimiy yashaydigan (pasportdagi ma'lumoti bo‘yicha), umumiy o‘rta (10-11-sinflar negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ma'lumoti to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega bo‘lgan va kirish imtihonlari (test sinovlari yoki kasbiy (ijodiy) imtihon yoki kasbiy suhbat)dan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar hisobidan amalga oshiriladi.

10-2. Oliy ta'lim muassasalarining sirtqi ta'lim shakli uchun kirish imtihonlarini o‘tkazish 5-ilovada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

10-3. Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi 417-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta'lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom asosida amalga oshiriladi.”;

d) 12-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“12. Oliy ta'lim muassasalarida o‘qishga qabulni sifatli tashkil etish maqsadida oliy ta'lim muassasalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda qabul komissiyasi raisi, uning o‘rinbosari va qabul komissiyasi kotiblari tayinlanadi. Bunda oliy ta'lim muassasasi rektori (direktori) lavozim bo‘yicha qabul komissiyasiga raislik qiladi.

Qabul komissiyalari a'zolarining vazifalari qabul komissiyasi raisi tomonidan belgilanadi.

Abituriyentlarning o‘qishga qabul qilish haqidagi arizalari oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari tomonidan 15 iyundan 15 iyulgacha (shu kuni ham), O‘zbekiston davlat konservatoriyasi uchun 15 iyundan 10 iyulgacha qabul qilinadi.

Arizalar onlayn tarzda ham qabul qilinishi mumkin. Arizalarni onlayn tarzda topshirish tartibi belgilangan tartibda ishlab chiqiladi.

Abituriyent oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ta'lim yo‘nalishi, o‘quv tili, shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta'lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma'lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy ta'lim muassasasi, ta'lim yo‘nalishini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

umumiy o‘rta ta'lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini shu jumladan, madaniyat, san'at, musiqa, sport va jismoniy tarbiyaga ixtisoslashtirilgan akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, maktab-internatlarni tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi (o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini tugatganlar uchun diplom va diplom ilovasining asl nusxasi);

086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma'lumotnoma;
pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
qonun hujjatlariga muvofiq o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi hujjatning asl nusxasi;
maxsus sirtqi bo‘lim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va tegishli vazirlik va idoralar tomonidan berilgan tavsiyanoma.

To‘liq davlat ta'minotidagi yetim bolalar va ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchilar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

To‘liq davlat ta'minotidagi yetim bolalar toifasiga «Mehribonlik uylari»da yashab ta'lim olgan, 18 yoshga to‘lmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb e'lon qilingan bolalar kiradi.

Ariza shakli oliy ta'lim muassasasi tomonidan belgilanadi.

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

Abituriyent arizasida «o‘zim haqimda quyidagilarni ma'lum qilaman» grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, yetim, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.

Abituriyent tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy ta'lim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi to‘g‘risidagi rasmiy buyruq bo‘lsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).

Pedagogika ta'lim yo‘nalishlariga hujjat topshirayotgan abituriyentlarga kasbiy layoqatiga muvofiq kasb tanlashga ko‘maklashish oliy ta'lim muassasalari tomonidan ochiq eshiklar kuni, karyera kuni, mehnat yarmarkasi tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayonida fakultetlarda tashkil etilgan kasbga yo‘naltirish xonalarida maslahatlar berish orqali amalga oshiriladi.

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta'lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat'iyan man qilinadi.

Abituriyent tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abituriyent (talaba) kirish imtihonlaridan (oliy ta'lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.

Oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari 20 iyulgacha bo‘lgan muddatda Davlat test markazi orqali Davlat komissiyasiga ta'lim yo‘nalishi, o‘quv shakli va tili ko‘rsatilgan holda, abituriyentlarning soni haqida belgilangan shakldagi ma'lumotni imtiyozga ega bo‘lganlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan qo‘shib taqdim etadilar.”;

yo) 17-band birinchi xatboshidagi “test sinovlarining” so‘zlari “kirish imtihonlarining” so‘zlari bilan almashtiriladi;

j) 17-band uchinchi xatboshidagi “test natijalari” so‘zlari “abituriyentlarning oliy ta'lim muassasalariga tavsiya etilganligi” so‘zlari bilan almashtiriladi;

z) 18-bandning beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“ballar ketma ketligi bo‘yicha ro‘yxatdagi oldingi abituriyent qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni arizasi bilan rad etgan holda yoki kirish imtihonlari natijalari e'lon qilingan kunidan boshlab belgilangan muddatda ariza bermaganda ro‘yxatdagi keyingi abituriyent qo‘shimcha to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etiladi;”;

i) 19-band birinchi xatboshidagi “(68,0 ball)” so‘zlari chiqarib tashlanadi;

y) 20-band birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“20. Kirish imtihonlarida to‘plagan natijalari eng yuqori ballning 30% dan kam bo‘lmagan, asosiy kvotalar doirasida va Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan qo‘shimcha o‘rinlarga qabul qilinmay qolgan va o‘qish istagini bildirgan abituriyentlarga birinchi o‘quv yiliga amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 10 barobardan ortiq oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorida to‘lov to‘lash sharti bilan o‘qishga kirish huquqi beriladi va ushbu abituriyent Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda to‘lov-kontrakt shartlarini birinchi o‘quv yili uchun to‘liq bajargandan so‘ng, oliy ta'lim muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilinadi.”;

k) 23-band birinchi xatboshidagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi” so‘zlari “Kasb-hunar ta'limi markazi” so‘zlari bilan almashtiriladi;

q) 23-band ikkinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shiladi:

“Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari yuqorida qayd etilgan imtiyozdan faqat bir marta foydalanish huquqiga ega.”;

l) 23-band to‘rtinchi xatboshidagi “Madaniyat va sport ishlari vazirligi” so‘zlari “Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi” so‘zlari bilan almashtiriladi;

m) 24-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 24-1-band qo‘shiladi:

“24-1. Harbiy qism qo‘mondoni (rahbariyati) va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyasiga ega, harbiy qismda yuqori natijalarga erishgan, faol va shijoatli yosh harbiy xizmatchi oliy ta'lim muassasalariga tasdiqlangan davlat granti kvotalariga qo‘shimcha ravishda, imtihonlarsiz qabul qilinadi.”;

n) 25-band ikkinchi xatboshidagi “I guruh ko‘zi ojiz nogironlar” so‘zlari “ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchilar” so‘zlari bilan almashtiriladi;

o) 26-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 26-1-band qo‘shiladi:

“26-1. Oliy ta'lim muassasalari bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga qabul qilish to‘g‘risidagi qarorlardan norozi bo‘lganlar belgilangan tartibda, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.”.

Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizomning 1-ilovasi Oliy ta'lim muassasalarida yagona ko‘p balli baholash tizimi bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibining 8-bandidagi “imtihonlarga” so‘zlari “imtihonlarga (imtihon bosqichi yoki turiga)” so‘zlari bilan almashtiriladi.

Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizomning 2-ilovasi O‘qitish tojik, qozoq, turkman va qirg‘iz tillarida olib boriladigan ayrim ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarini qabul qilish tartibining 5-band birinchi xatboshidagi “(tegishli ravishda 111,6 ball, 75,6 ball yoki 39,6 ball)” so‘zlari chiqarib tashlanadi.

Oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizomning 2-ilovasi Oliy ta'lim muassasalariga to‘lov-kontrakt bo‘yicha belgilangan kvotadan tashqari qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilishni tashkil etish sxemasidagi “(68,0 ball)” so‘zlari chiqarib tashlanadi.

2-ilovada:

a) 3-band beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Tanlov har bir oliy ta'lim muassasasi bo‘yicha magistrlik mutaxassisligi, o‘qitish tili va shakliga ko‘ra alohida o‘tkaziladi. Ayrim magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha hududlar, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari kesimida maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan taqdirda, tanlov har bir hudud, shuningdek, kadrlar buyurtmachilari (oliy ta'lim muassasasi) bo‘yicha alohida o‘tkaziladi.”;

b) 4-band birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Kirish sinovlari o‘zbek, rus, tojik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi oliy ta'lim muassasalarida qoraqalpoq tillarida o‘tkaziladi.”;

v) 7-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 7-1-band qo‘shiladi:

“7-1. Bakalavriat bosqichida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari bo‘lgan talabalar oliy ta'lim muassasalarining magistraturasiga tegishli ta'lim yo‘nalishi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul bo‘yicha) oliy ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati bo‘yicha kirish sinovlarisiz qo‘shimcha davlat grantlari asosida qabul qilinadilar.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari sohibalari yuqorida qayd etilgan imtiyozdan faqat bir marta foydalanish huquqiga ega.”;

g) 10-band oltinchi xatboshidan so‘ng quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shiladi:

“qonun hujjatlariga muvofiq o‘qishga kirishda imtiyoz beruvchi hujjatning asl nusxasi.”;

d) 12-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“12. Hujjatlar taqdim etilishi jarayonida abituriyentlar pasportini shaxsan ko‘rsatadilar.”

e) 14-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“14. Magistraturaga kirish sinovi umumiy ballari quyidagilardan tashkil topadi:

magistraturaga kirishda tanlagan mutaxassislik bo‘yicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 100 ballgachani tashkil etadi);

chet tili (xorijiy filologiya, xorijiy til va adabiyoti ta'lim yo‘nalishlari bazasidagi mutaxassisliklar uchun ikkinchi chet tili) fani bo‘yicha sinov o‘tkaziladi (baholash mezoni 0 balldan 50 ballgachani tashkil etadi);

Oliy ta'lim muassasasi bitiruvchisining umumiy reytingi yoki o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (o‘zlashtirish tegishli ravishda 55 balldan 100 ballgacha bo‘lgan diapazonda yuzdan bir aniqlikda, o‘zlashtirgan fanlarining o‘rtacha bali orqali ifodalanadi) aniqlanadi.

Xalqaro tan olingan chet tilini bilish darajasi haqidagi sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 58 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5 ball, TestDaF (TDN3), CEFR bo‘yicha kamida V2) yoki Davlat test markazi tomonidan beriladigan Chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 yoki S1 darajasidagi sertifikat taqdim etganlarga chet tilidan 50 ball qo‘yiladi va ular chet tilidan kirish sinovida ishtirok etmaydi.

Magistraturaga o‘qishga kirishda eng ko‘p (maksimal) to‘planishi mumkin bo‘lgan ball — 250 ni tashkil etadi.”

yo) 16-band 2-,3-,4-xatboshilari chiqarib tashlanadi;

j) 30-band chiqarib tashlanadi va mazkur nizomning bob hamda bandlarining tartib raqamlari muvofiqlashtiriladi;

z) 31-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 31-1-band qo‘shiladi:

“31-1. Oliy ta'lim muassasalari magistraturasiga qabul qilish bo‘yicha qarorlardan norozi bo‘lganlar belgilangan tartibda, tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.”.

3-ilovada:

a) 2-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“2. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasiga, harbiy oliy ta'lim muassasalariga, O‘zbekiston Respublikasidagi xorijiy oliy ta'lim muassasalari va filiallariga tatbiq etilmaydi.”;

b) 2-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 2-1-band qo‘shiladi:

“2-1. Xorijiy fuqarolarning o‘qishini xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish (tiklash) suhbat asosida amalga oshiriladi. Ularning to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdori amaldagi qonun hujjatlari bo‘yicha belgilanadi.”

v) 3-band ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Ma'lumotlar bazasi tarkibiga mazkur Nizom, topshiriladigan hujjatlar namunalari, xorijiy fuqarolar uchun sinovlarni o‘tkazish muddatlari, manzili va jadvali kiritiladi.”;

g) 4-band uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“oliy ta'limning turdosh ta'lim yo‘nalishlari ro‘yxati Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.”;

d) 6-,7-bandlardagi “(mutaxassisliklari)” so‘zlari “hamda mos mutaxassisliklari” so‘zlari bilan almashtiriladi;

e) 8-band to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“bir oliy ta'lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta'lim muassasalariga oliy ta'limning turdosh bo‘lmagan ta'lim yo‘nalishlariga va istisno tariqasida mos bo‘lmagan mutaxassisliklariga.”;

yo) 9-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“9. Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos bo‘ladi:

xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta'lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;

respublika oliy ta'lim muassasalaridagi mavjud ta'lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta'lim shaklida o‘qiganlarga;

oliy ta'lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;

oliy ta'lim muassasasida mos (turdosh) ta'lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta'lim shakli mavjud bo‘lmasa;

namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;

to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;

talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma'lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;

oliy ta'lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta'lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;

oliy ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasining imkoniyati cheklanganda;

maqsadli qabul qilinganlar boshqa ta'lim yo‘nalishi yoki ta'lim shakliga, boshqa oliy ta'lim muassasasiga;

bir ta'lim shaklidan boshqa ta'lim shakliga (o‘qish davrida farzandli bo‘lgan ayollarning o‘qishini ko‘chirishi bundan mustasno);

bir ta'lim shaklidan maxsus sirtqi ta'lim shakliga hamda maxsus sirtqi ta'lim shaklidan boshqa ta'lim shakliga;

qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.

Fuqaroning o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizasiga rad javobi berilgan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddatda, arizada ko‘rsatilgan manzilga, arizani ko‘rib chiqqan komissiya yoki komissiya vakolat bergan tashkilot tomonidan javob xati yo‘llanadi.”;

j) 10-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“10. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy ta'lim muassasasi rektori (direktori) belgilangan tartibda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), o‘qitish kursi (semestri) hamda o‘qishga qabul qilishning qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.”;

z) 14-banddagi “sxema” so‘zidan keyin “(tartib)” so‘zi qo‘shiladi;

i) 15-band to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan (pasport bo‘yicha doimiy ro‘yxatdan o‘tgan) hududga ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda:”;

y) 17-band ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta'lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta'lim muassasasi va ta'lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ta'lim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);”;

k) 20-band birinchi xatboshidan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shiladi:

“O‘qishi ko‘chirilishiga ruxsat etilgan talabaning maqsadli qabul asosida o‘qiyotganligi o‘qib turgan oliy ta'lim muassasasi tomonidan tekshiriladi va haqiqatda maqsadli qabul asosida o‘qiyotganligi aniqlangan taqdirda mazkur talabaning o‘qishini ko‘chirilishi mumkin emasligi to‘g‘risida so‘rovnoma yuborgan oliy ta'lim muassasasiga hamda talabaga uch kun muddatda tegishli xat yo‘llanadi.”;

q) 22-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“22. O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta'limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta'lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Boshqa hollarda shuningdek, xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.”;

l) 23-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“23. Xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan O‘zbekiston fuqarolari tasarrufida oliy ta'lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda muayyan ta'lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha o‘qiydigan tilidan maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) topshiradi.

Turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini o‘tash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda oliy ta'lim muassasalariga ega vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilganlarning o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirish maxsus sinovlarsiz Davlat komissiyasi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasi Idoralararo komissiyaga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Idoralararo komissiya qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.

Ko‘chirilayotgan oliy ta'lim muassasasida tegishli o‘qitish tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tilini tanlash fuqaroning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.”;

m) 23-banddan so‘ng quyidagi mazmundagi 23-1-, 23-2-bandlar qo‘shiladi:

“23-1. Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan talabalarning arizalariga muvofiq o‘qishi Davlat komissiyasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga sinovlar (test, yozma ish)siz to‘lov-kontrakt asosida ko‘chiriladi.

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya davlat oliy ta'lim muassasalari ro‘yxati har yili Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi rasmiy saytida e'lon qilinadi.

23-2. Xorijiy oliy ta'lim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta'lim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi (turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini o‘tash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan O‘zbekiston fuqarolari (xorijiy oliy ta'lim muassasasining bakalavr diplomiga ega bo‘lganlarning diplomi o‘rnatilgan tartibda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan taqdirda) bundan mustasno).”;

n) 24-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“24. Oliy ta'lim muassasasi rektorining talabani o‘rnatilgan tartibda va belgilangan muddatda darslarga qatnashishiga ruxsat etish to‘g‘risidagi buyrug‘i talaba ilgari ta'lim olgan oliy ta'lim muassasasidan uning shaxsiy yig‘ma jildi (shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda - akademik ma'lumotnomasi) olingandan keyin rasmiylashtiriladi.

To‘lov-kontrakt asosida o‘qishi ko‘chirilganlarni talabalar safiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi oliy ta'lim muassasasi rektorining buyrug‘i ular tomonidan belgilangan muddatda shartnoma to‘lovlari bajarilgandan so‘ng 10 kun muddatda qabul qilinadi.”;

o) 29-band uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar tegishli vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga ma'lum qilinadi;

ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar Idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.”;

p) 31-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“31. Oliy ta'lim muassasasi rektorining talabani talabalar safiga qayta tiklashga, o‘rnatilgan tartibda va belgilangan muddatlarda darslarga qatnashishiga ruxsat etish to‘g‘risidagi buyrug‘i (ko‘chirib tiklashda talaba ilgari ta'lim olgan oliy ta'lim muassasasidan uning shaxsiy yig‘ma jildi (shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda - akademik ma'lumotnomasi) olingandan keyin) rasmiylashtiriladi.

To‘lov-kontrakt asosida o‘qishi tiklanganlarni talabalar safiga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi oliy ta'lim muassasasi rektorining buyrug‘i ular tomonidan belgilangan muddatda shartnoma to‘lovlari bajarilgandan so‘ng 10 kun muddatda qabul qilinadi.”;

r) 37-band ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmagan taqdirda muayyan kursdagi o‘quv semestri boshidan boshlashi mumkin.”.


Oxirgi o‘zgarish: 27/06/2018 19:43;   Ko‘rilganligi: 1976
 
Material manzili: https://www.samudo.uz/oz/press/news/otmga-oqishga-qabul-qilish-kochirish-tiklash-va-chetlashtirish-tartibi-togrisidagi-nizomlarni-tasdiqlash-haqidagi-qarorga-qoshimchalar-kiritiladi
Chop etilgan vaqti: 28/10/2021 13:57
Matnni o‘qish uchun ushbu tugmani bosing